Talabalar Gemini AI Plus’dan bir yil davomida qanday qilib bepul foydalanishi mumkin?

21.11.2026, 18:30 · 8 marta o‘qilgan
Kutubxonada o'qiyotgan talabalar
Foto: D00264450 / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari talabalari Google kompaniyasining Gemini sun’iy intellekt xizmatining kengaytirilgan versiyasi — Google AI Plus obunasidan bir yil davomida bepul foydalanishi mumkin. Bu haqda Ta’lim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.

Bepul obunani faollashtirish uchun avval HEMIS mobil ilovasiga kirib, «Hujjatlar» bo’limidan talaba ID guvohnomasi va o’qish joyidan ma’lumotnomani yuklab olish kerak. Shundan so’ng Gemini ilovasini ochib, menyudan profilni tanlash va Google AI Plus bo’limiga o’tish lozim. U yerda talabalar uchun maxsus taklifni belgilab, «Kirish huquqini olish» va «Davom etish» tugmalari bosiladi.

Keyingi bosqichda mamlakat va ta’lim muassasasi tanlanadi, ism-familiya, tug’ilgan sana va elektron pochta manzili kiritiladi. So’ngra yuklab olingan talabalik guvohnomasi va ma’lumotnoma tizimga yuklanib, ariza yuboriladi. Ariza tasdiqlangach, to’lov kartasi ma’lumotlarini kiritib, obunani faollashtirish mumkin. Bepul davr tugashidan oldin obunani bekor qilish yoki davom ettirishni o’zingiz hal qilishingizni unutmang.

Google AI Plus obunasi bir qator qo’shimcha imkoniyatlar beradi. Jumladan, Gemini ilovasida foydalanish limitlari ikki baravar oshadi va ilg’or Flash Thinking modeliga kirish ochiladi. Shuningdek, Google Photos, Disk va Gmail xizmatlari uchun 400 GB bulutli xotira taqdim etiladi.

Obunaga kinematografik sahnalar va hikoyalar yaratishga mo’ljallangan Google Flow vositasi, Gmail ichida Gemini’dan foydalanish, NotebookLM’ning tadqiqotga yordam beruvchi funksiyalari hamda sun’iy intellekt asosidagi musiqa studiyasiga qo’shimcha kirish imkoniyatlari ham kiradi. Bu vositalar talabalarga o’qish, ilmiy ish va loyihalar tayyorlashda yordam berishi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling