O‘zbekistonda 2026-yilning 10 oyida noqonuniy mayning faoliyati bilan bog‘liq 10 ta holat aniqlandi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida qariyb 3 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda 4-noyabr kuni Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Inspeksiya boshqarma boshlig‘i Botir Yoqubovning ta’kidlashicha, noqonuniy mayning holatlari yildan-yilga kamaymoqda. 2023-yilda bunday holatlar 20 dan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning o‘n oyida ular soni 10 tani tashkil etgan.
Yoqubovning so‘zlariga ko‘ra, mayning bilan qonuniy shug‘ullanuvchi iste’molchilar elektr energiyasi uchun amaldagi tarifdan ikki baravar yuqori narxda haq to‘lashi kerak. Tarifning yuqoriligi noqonuniy foydalanishning muhim sabablaridan biri hisoblanadi.
Inspeksiya vakilining tushuntirishicha, noqonuniy mayning qurilmalarini faqat elektr energiyasi sarfiga qarab aniqlab bo‘lmaydi. Ular ham oddiy televizor, muzlatkich yoki elektr isitgich kabi elektr energiyasini iste’mol qiladigan moslamalar bo‘lib, sarf hajmi boshqa maishiy qurilmalarnikidan unchalik farq qilmaydi. Shu sababli bunday holatlarni aniqlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ishlanadi.
Kriptovalyuta mayningi — maxsus kompyuter qurilmalari yordamida kriptovalyuta ishlab chiqarish jarayoni bo‘lib, u katta hajmdagi elektr energiyasini talab qiladi. O‘zbekistonda bu faoliyat bilan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda, ruxsat asosida shug‘ullanish mumkin.
