Paragvay prezidenti Santyago Penya bank inqirozi sabab iste’foga chiqdi

10.11.2026, 19:30 · 42 marta o‘qilgan
Asunsondagi Lopes saroyi
Foto: MosheA / Wikimedia Commons, CC0

Paragvay prezidenti Santyago Penya o‘ziga aloqador bo‘lgan Ueno Bank bankining kasodga uchrashi ortidan yuzaga kelgan siyosiy inqiroz sababli iste’foga chiqqanini ijtimoiy tarmoqdagi videomurojaatida e’lon qildi.

Prezident uning uchun ustuvor vazifa o‘z jamg‘armalarini Paragvay moliya tizimiga ishonib topshirgan paragvayliklarning osoyishtaligi ekanini va bu mablag‘larning kafolatli qaytarilishi tarafdori ekanini ta’kidladi. «Agar qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam, xalqimdan uzr so‘rayman. Menga bildirgan ishonchingizga xiyonat qilish hech qachon xayolimda ham bo‘lmagan», — dedi u.

Inqiroz Ueno Bank bankrotlik jarayoniga kirib, barcha operatsiyalarini muzlatib qo‘yganidan so‘ng avj oldi. BBC News xabariga ko‘ra, qonun chiqaruvchilar o‘tgan yilgacha ushbu bankka egalik qilgan kompaniyada aksiyador bo‘lgan Penyani manfaatlar to‘qnashuvi va mansabni suiiste’mol qilishda aybladi. Penya noqonuniy yoki noo‘rin xatti-harakatlar qilgani haqidagi da’volarni rad etdi.

Uning iste’fosi Paragvay Kongressining quyi palatasi impichment jarayonini boshlash uchun ovoz berganidan so‘ng yuz berdi. Ueno Bank qariyb 3 million nafar mijozga ega ekanini ma’lum qilgan, bu esa aholisi taxminan 7 million bo‘lgan mamlakat uchun juda katta raqam.

Santyago Penya 2023-yilda Paragvay prezidenti etib saylangan edi. Uning iste’fosi mamlakatda yuzaga kelgan moliyaviy va siyosiy inqirozning eng yuqori nuqtasi bo‘ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling