Samarkand Marathon MDHda birinchi bo‘lib World Athletics Elite Label maqomini oldi

10.11.2026, 19:00 · 43 marta o‘qilgan
Marafon yuguruvchilari
Foto: Stephen Craven / Wikimedia Commons, CC BY-SA 2.0

Samarkand Marathon xalqaro xayriya musobaqasi World Athletics Elite Label maqomini oldi. Bu tadbir jahon yengil atletika federatsiyasi standartlariga muvofiq o‘tkazilishini tasdiqlovchi sifat belgisidir. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand marafoni MDH mamlakatlari orasida bunday darajaga ega bo‘lgan yagona musobaqaga aylandi. Dunyoning yetakchi shosse yugurish musobaqalarini tasniflash tizimi to‘rtta darajani nazarda tutadi: Label, Elite, Gold va Platinum. Samarkand Marathon boshlang‘ich Label bosqichini chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Elite Label maqomiga sazovor bo‘ldi.

Jamg‘armaning marafonlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i va Samarkand Marathon seriyasi kuratori Mirxan Sagitovning aytishicha, bu maqom marafon rivojidagi muhim bosqich va jamoaning bir necha yillik tizimli mehnati natijasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro federatsiya talablariga javob berish uchun musobaqaning sport saviyasi izchil oshirilmoqda, infratuzilma rivojlantirilmoqda, tibbiy va dopingga qarshi ta’minot takomillashtirilmoqda.

Sagitovning ta’kidlashicha, maqsad Samarkand Marathon’ga dunyoning eng kuchli atletlarini jalb qilish va O‘zbekistonning xalqaro yugurish maydonidagi mavqeini mustahkamlashdir.

Samarkand Marathon xayriya musobaqasi bo‘lib, undan tushgan mablag‘lar ijtimoiy loyihalarga yo‘naltiriladi. Musobaqa qadimiy Samarqand ko‘chalari bo‘ylab o‘tkaziladi va har yili O‘zbekiston hamda xorijdan minglab yuguruvchilarni jalb qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling