Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Xosiyatli mahallasida joylashgan xonadonlarning birida 10 kishidan iborat noqonuniy onlayn koll-markaz faoliyatiga chek qo’yildi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, guruh a’zolari turli messenjerlar orqali Yevropa mamlakatlari fuqarolarining ishonchiga kirgan. Ularga soxta hujjatlar tayyorlab berish, treyding va kriptoaktivlar bo’yicha ta’lim berish taklif qilingan. Shundan so’ng aldov yo’li bilan jabrlanuvchilarning kriptoaktivlari guruh a’zolarining shaxsiy elektron hamyonlariga o’tkazilib, o’zlashtirib kelingan.
Xonadonni ko’zdan kechirish chog’ida ashyoviy dalil sifatida 8 ta noutbuk, 58 ta telefon apparati va 3 ta kompyuter qurilmasi olib qo’yildi. Tergov ma’lumotlariga ko’ra, gumonlanuvchilar jami 203 134 USDT, ya’ni qariyb 2 mlrd 432 mln so’m miqdoridagi kriptoaktivlar aylanmasi bilan qonunga xilof ravishda shug’ullangan.
Holat yuzasidan Yashnobod tumani ichki ishlar organi tomonidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi — kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bo’yicha jinoyat ishi qo’zg’atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
USDT — qiymati AQSh dollariga bog’langan kriptovalyuta bo’lib, firibgarlar uni ko’pincha mablag’larni tez va iz qoldirmasdan o’tkazish uchun ishlatadi. Huquq-tartibot organlari internetda notanish shaxslarning tez daromad va’da qiluvchi investitsiya hamda treyding takliflariga ishonmaslikka chaqirib keladi.
