O‘zbekistonda chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

21.11.2026, 19:00 · 2 marta o‘qilgan
Toshkent xalqaro aeroporti
Foto: ほっきー / Wikimedia Commons, CC0

O‘zbekistonda o‘z vataniga qaytarilishi lozim bo‘lgan chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Markazlarni IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti huzurida tashkil etish taklif qilinmoqda. Birinchi markaz 2027-yilda Toshkentda ochilishi rejalashtirilgan. 2028–2030-yillarda esa Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Farg’ona viloyatlarida ham shunday muassasalar paydo bo’lishi mumkin.

Markazlar shaxsi aniqlanmagan va yashash mamlakatiga qaytarish uchun hujjatlari rasmiylashtirilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo’lmagan shaxslarni vaqtincha saqlashga mo’ljallangan. U yerga sud qarori bilan yoki hujjatlari bo’lmagan, hujjatlari muddati tugagan, sudning ma’muriy chiqarib yuborish haqidagi qarorini bajarmagan, shuningdek, O’zbekistonda bo’lishi nomaqbul deb topilib, belgilangan muddatda mamlakatni tark etmagan shaxslar joylashtiriladi.

Loyihaga ko’ra, markazda saqlash muddati bir yildan oshmasligi kerak. U yerdagi shaxslarga yuridik yordam va tarjimon xizmatidan foydalanish, telefonda gaplashish, qarindoshlari hamda diplomatik muassasalar vakillari bilan uchrashish huquqi beriladi. Ularga kamida sakkiz soat uzluksiz tungi uyqu va maxsus ajratilgan hududlarda sayr qilish imkoniyati kafolatlanadi.

Markazlarda yashash xonalari, tibbiy punktlar, oshxona, kir yuvish xonalari va sport maydonchalari bo’lishi ko’zda tutilgan. Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo’lib, fuqarolar va tashkilotlar uni muhokama portalida o’rganib, o’z takliflarini bildirishi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling