O‘qish bahonasida Turkiyaga olib borilgan 17 yoshli o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi. O‘smir majburiy turmushga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnatga duch kelganini bildirib, Istanbuldagi Bosh konsullikka murojaat qilgan.
Konsullik konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatgan, advokatlarni jalb qilgan, o‘smir O‘zbekistonga qaytarilgan. Qaytarish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qoplangan. Tegishli tashkilotlar o‘smirning xavfsizligi hamda ijtimoiy-huquqiy va psixologik himoyasini nazorat qilmoqda.
Migratsiya agentligi chet elda zo‘ravonlik, majburiy mehnat, kamsitish yoki og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan fuqarolarni yordam so‘rashga chaqirdi. Murojaat uchun qisqa raqam 1282, sutka davomida ishlaydigan @huquqiy_yordam_uzbot Telegram boti, agentlikning xorijdagi vakolatxonalari hamda O‘zbekiston diplomatik va konsullik muassasalari mavjud.
