AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ilon Mask Ukraina armiyasi uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh internetidagi cheklovlarni bekor qilib, aloqani qayta tikladi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.
Tramp bu bayonotni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Starlink tizimi taqdim etadigan harbiy darajadagi Starshield tarmog‘iga ulanish hali to‘liq tiklanmaganini aytganidan keyin berdi. Zelenskiy payshanba kuni matbuot anjumanida aloqa tezligi hali avvalgi darajaga qaytmaganini, bu borada ish olib borilayotganini aytgan edi. Avvalroq Tramp ma’muriyati Mask kompaniyasiga aloqani cheklash bo‘yicha ko‘rsatma berganini rad etgan.
Cheklovlar Tramp Zelenskiyga Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha bosim o‘tkazayotgan bir paytda yuz bergan. Trampning ta’kidlashicha, bu hujumlar yoqilg‘i narxining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Kelgusi oyda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar arafasida Tramp Rossiyaga qarshi ayrim sanksiyalarni bekor qilgan va AQSh bozori uchun Rossiya dizelini import qilish bo‘yicha bitimni ma’qullagan. Bu qadamlar Ukraina va uning yevropalik ittifoqchilari tomonidan tanqid qilingan.
Ukraina fuqarolik Starlink tizimidan ham, ancha xavfsizroq hisoblangan Starshield tarmog‘idan ham foydalanadi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, bu tarmoqlar, ayniqsa, chekka hududlar va jang maydonlarida aloqani ta’minlash uchun Yerning quyi orbitasidagi 10 mingga yaqin sun’iy yo‘ldoshdan foydalanadi. Zamonaviy urushda dronlarni samarali boshqarish ko‘pincha aynan yuqori tezlikdagi internetga bog‘liq.
Zelenskiy 20-oktabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali suhbatlashib, Starlink, ballistik raketalarga qarshi mudofaa vositalari va razvedka ma’lumotlari almashinuvini muhokama qilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot mazmunli va ijobiy o‘tgan, tomonlar taxminan 48 soatdan so‘ng yana bog‘lanishga kelishib olgan.
The Wall Street Journal nashri rasmiylarga tayanib yozishicha, Tramp Mask bilan bo‘lgan suhbatida undan Ukraina uchun Starlink cheklovlarini olib tashlashni so‘ragan.
