«Rosatom» rahbari prezident bilan uchrashdi: Jizzaxdagi AES yonida 30 ming kishilik shaharcha qurilmoqda

27.10.2026, 16:00 · 58 marta o‘qilgan
Atom elektr stansiyasi qurilishi
Foto: Mastehr at English Wikipedia / Wikimedia Commons, Public domain

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qilib, Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasini qurish borasidagi ishlarni muhokama qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar O‘zbekistonda birinchi integratsiyalashgan AESni qurish va tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Hozirda birinchi reaktor binosi poydevorini qurish va stansiyani loyihalash ishlari davom etmoqda. Uchrashuvda sohaga malakali kadrlar tayyorlash, jumladan, MIFI milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali va «Rosatom» obyektlaridagi imkoniyatlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bo‘lajak AES yaqinida atomchilar shaharchasini barpo etish masalasi muhokama qilindi. U yerda energiya tejamkor uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va sport muassasalari hamda boshqa ijtimoiy obyektlar quriladi. «Rosatom» ma’lumotiga ko‘ra, shaharcha qurilishi allaqachon boshlangan va u 30 mingdan ortiq mutaxassis hamda ularning oila a’zolariga mo‘ljallangan.

22-oktabr kuni Lixachyov AES qurilish maydonchasiga borgan. Iyun oyidan buyon u yerda kichik quvvatli birinchi energoblokning poydevor plitasiga beton quyish ishlari olib borilmoqda, bunga 25 ta texnika jalb etilgan. Plitani 2026-yil oxirigacha yakunlash kutilmoqda, buning uchun 10 ming kub metr beton quyiladi.

AES Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilmoqda. 2026-yil martida tomonlar katta va kichik quvvatli energobloklarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan konfiguratsiya bo‘yicha qo‘shimcha bitim imzolagan. Loyiha har biri 1000 MVt quvvatli VVER-1000 reaktorli ikkita katta energoblok va har biri 55 MVt quvvatli RITM-200N reaktorli ikkita kichik energoblokni o‘z ichiga oladi. RITM-200N — Rossiyaning atom muzyorar kemalarida qo‘llaniladigan RITM-200 reaktorining quruqlikdagi stansiyalar uchun moslashtirilgan versiyasi.

Stansiyaning umumiy quvvati 2110 MVt bo‘lib, to‘liq ishga tushgach yiliga qariyb 17,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. 2026-yil 4-iyunda O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari birinchi energoblok qurilishiga start bergan. Loyiha qiymati 9,5 mlrd dollarga baholanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling