Qurilish vazirligi xatosini tan oldi: Toshkentda noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar 720 ta emas, 61 ta

27.10.2026, 19:30 · 69 marta o‘qilgan
Toshkentdagi ko'p qavatli binolar
Foto: Прикли / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentda noqonuniy qurilgan ko‘p kvartirali uylar soni bo‘yicha avval berilgan ma’lumotni to‘g‘riladi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda arxitektura organlari ruxsatisiz qurilgan ko‘p kvartirali uylar soni 720 ta emas, balki 61 ta, deb xabar berdi vazirlik.

Vazirlik tushuntirishicha, poytaxtda jami 320 dan ortiq noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan. Bu raqamga turli toifadagi bino va inshootlar, jumladan, yakka tartibdagi uy-joylar, kichik do‘konlar, savdo shoxobchalari va pavilonlar kiradi. Ulardan noqonuniy qurilgan ko‘p kvartirali uylar 61 tani tashkil etadi.

«Biz taqdim etgan javobda qurilish obyektlarining umumiy soni yanglishib ko‘p kvartirali uylar soni sifatida ko‘rsatilgan. Ushbu xatolik uchun uzr so‘raymiz», — deyiladi vazirlik xabarida. Idora jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlardagi post mualliflaridan aniqlashtirilgan ma’lumotlarni inobatga olishni so‘radi. Biroq vazirlik obyektlar soni 320 dan ortiq bo‘lgani holda, nega dastlab 720 dan ortiq raqami tilga olinganiga izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, 13-oktabr kuni qurilish va UJKX vaziri Sherzod Hidoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Hukumat soati»da birgina Toshkentning o‘zida arxitektura organlari ruxsatisiz qurilgan 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy borligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tadbirkorlar 2024-yil oxirida poytaxtning bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar auksionlar orqali sotib olingan yerlarda uy-joy qurgan.

Vazir bu obyektlar bilan Bosh prokuratura shug‘ullanayotganini aytgan edi. Bunday uylarni foydalanishga qabul qilish uchun alohida tartib ishlab chiqilmoqda: binolarda bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bo‘lishi, shuningdek, ularning mustahkamligi instrumental tekshiruv orqali sinovdan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.

Vazirlik fuqarolarni xonadon sotib olishdan oldin obyekt «Shaffof qurilish» tizimida ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishga chaqirib kelmoqda. Bu xarid qilinayotgan uyning qonuniyligi va seysmik xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga yordam beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling