O‘zbekistonlik olima Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasi vitse-prezidenti etib saylandi

27.10.2026, 14:00 · 69 marta o‘qilgan

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, biologiya fanlari doktori, professor Shahlo Turdiqulova Jahon fanlar akademiyasining (TWAS) 2027–2028-yillar uchun Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi, deb xabar berdi Fanlar akademiyasi.

Bu lavozimda Shahlo Turdiqulova akademiya faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilash, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etadi. Fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, u TWAS tarixida akademiya rahbariyati tarkibiga kirgan O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning birinchi vakili bo‘ldi.

Qaror TWAS a’zolarining ovoz berish yakunlariga ko‘ra qabul qilindi. Turdiqulova akademiya kengashiga oltita vitse-prezidentdan biri sifatida kiradi va o‘z vakolatlarini 2027-yil 1-yanvardan bajarishga kirishadi. TWAS’ning yangi kengashiga Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Xou Szyango rahbarlik qiladi. Olima Jahon fanlar akademiyasiga 2025-yilda a’zo bo‘lgan va o‘sha yilning oktabrida akademik diplomini olgan edi.

Jahon fanlar akademiyasi 1983-yilda Italiyaning Triyest shahrida tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi va YUNESKO dasturi doirasida faoliyat yuritadi. Akademiya dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlarni birlashtiradi, shu bois uning rahbariyat tarkibiga saylanish xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi yuksak e’tirof hisoblanadi.

Shahlo Turdiqulova 1973-yili Toshkentda tug‘ilgan, 1995-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. U biotexnologiya bo‘yicha PhD (2001) va biokimyo hamda hujayra biologiyasi bo‘yicha fan doktori (2008) darajalarini olgan. 2002–2005-yillarda Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetida postdoktoranturada ishlagan. Olima «Do‘stlik» ordeni sohibasi.

Uning ilmiy faoliyati odam genetikasi bilan bog‘liq. Turdiqulova kasalliklarga moyillikning 670 ta geni bilan bog‘liq 1450 ta genetik markerni aniqlagan va 24 ming namunani o‘z ichiga olgan milliy DNK bankini yaratgan. U, shuningdek, koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining klinik sinovlariga hamraislik qilgan.

Olima 2018-yildan Ilg‘or texnologiyalar markaziga rahbarlik qilgan, keyinchalik innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari, vazir o‘rinbosari hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Hozirda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling