O‘zbekistonda shifoxona va poliklinikalar yagona master reja asosida qayta joylashtiriladi

27.10.2026, 11:00 · 65 marta o‘qilgan
Shifoxona palatasi
Foto: City of Minneapolis Archives / Wikimedia Commons, CC BY 2.0

O‘zbekistonda tibbiyot infratuzilmasini yagona master reja asosida rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimida esa xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, hozir ayrim hududlarda tibbiy xizmatlar tarqoq tashkil etilgan, shifo o‘rinlari noto‘g‘ri taqsimlangan, eski binolar va uskunalardan foydalanish esa tibbiy yordam sifatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Ishlar mavjud obyektlar bo‘yicha ishonchli ma’lumot to‘plashdan boshlanadi. 10 ta viloyatda o‘tkazilgan xatlov sohaga tegishli 3499 ta obyektni aniqladi — bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘p. Natijada sog‘liqni saqlash tizimi ko‘chmas mulklarining yagona raqamli reyestri yaratiladi.

Shu ma’lumotlar asosida 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan master rejalar amalga oshiriladi. Ularda har bir hudud aholisi soni va uning o‘sishi, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, muassasalar quvvati hamda bemorlarning shifoxonaga yetib borishi uchun ketadigan vaqt hisobga olinadi. Master reja qaysi obyektni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, yangisini qayerda qurish va unga qancha mutaxassis kerakligini belgilaydi.

Murakkab va yuqori texnologik xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch tibbiy yordam saqlanadi. Bunday yondashuv zarurati Samarqand viloyati misolida ko‘rsatildi: viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashaydi, biroq shifo o‘rinlarining atigi 41,7 foizi tumanlarga to‘g‘ri keladi. Master rejada bu ulushni 67 foizga yetkazish, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1500 ta yangi shifo o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Yangi poliklinika va shifoxonalarni loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infeksion nazorat, inklyuziv muhit va xonalarni jihozlash bo‘yicha yagona talablar joriy etiladi. Davolashda esa xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik protokollar milliy sharoitga moslashtiriladi.

Taqdimotda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Gemodializ, laboratoriya diagnostikasi va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi xizmatlarni autsorsing asosida sotib olish taklif etilmoqda. Bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlari qo‘llanilib, xususiy hamkorlar uskunalarni o‘z hisobidan xarid qilib, ularning ishlashi va yangilanishini ta’minlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling