Venesuela muxolifati yetakchisi va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Mariya Korina Machado 10 oydan ortiq davom etgan qochqinlikdan so‘ng vataniga qaytdi. Uning qaytishi AQSh, Panama va Kolumbiya hukumatlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgani haqida Reuters xabar bermoqda.
Machado X ijtimoiy tarmog‘ida «Venesuelada! Birgalikda! Erkinlik uchun!» deb yozib, mashinasini o‘rab olgan tarafdorlari aks etgan videoni joyladi. Keyinroq u poytaxt Karakasga yetib borganini ma’lum qildi. Maslahatchilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda u yetti marta vataniga qaytishga uringan, biroq har safar buning uddasidan chiqa olmagan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Machado Panamadan Kolumbiyaga xususiy samolyotda uchib kelgan va yakshanba kuni Venesuela chegarasini quruqlik orqali kesib o‘tgan. Safar davomida uni AQShning xususiy xavfsizlik agentligi xodimlari qo‘riqlagan. AQSh esa Venesuela hukumatini jarayonga aralashmaslik va Machadoning xavfsizligiga tahdid solmaslik haqida ogohlantirgan.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington muzokaralarda ishtirok etganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Machadoning xavfsiz qaytishi AQSh qo‘llab-quvvatlagan yarashuv muzokaralarining natijasidir: ular tufayli yuzlab siyosiy mahbuslar ozod qilingan va yuzlab muxolifat vakillari surgundan qaytgan. Rubio buni Venesuela uchun so‘nggi 30 yildagi erkin saylovlar va barqaror demokratiyaga tinch yo‘l bilan erishishning eng yaxshi imkoniyati deb atadi.
Machado 2024-yildan beri ta’qibdan qo‘rqib yashirinib yurgan. O‘sha yili prezidentlik saylovida Nikolas Maduro g‘olib deb e’lon qilingan, Machado esa unga qo‘yilgan 15 yillik taqiq sababli saylovda qatnasha olmagan edi. 2025-yil oxirida u yashirincha Norvegiyaga borib, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgan.
2026-yil yanvarida AQSh harbiy operatsiya natijasida Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olib, Nyu-Yorkka sudga olib ketgan. Shundan so‘ng AQSh ma’muriyati Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges hukumatini qo‘llab-quvvatladi. Donald Tramp esa Machadoni «yoqimli ayol» deb atagan bo‘lsa-da, uning mamlakat ichida yetarli qo‘llab-quvvatlovga ega emasligini aytgan edi.
