Britaniya hukumati aholiga uyda 3 kunlik favqulodda zaxira saqlashni tavsiya qildi

27.10.2026, 17:00 · 68 marta o‘qilgan
London, Vestminster saroyi
Foto: Colin / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

Buyuk Britaniya hukumati 23-oktabr kuni aholiga uyda uch kunga yetadigan favqulodda suv va oziq-ovqat zaxirasini saqlashni tavsiya etdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Hukumatning bildirishicha, bunday ehtiyot chorasi zarurligini shu hafta yuz bergan PHP dasturiy ta’minotidagi yirik nosozlik, shuningdek, rekord darajadagi issiq, qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari kuzatilgan yoz yana bir bor ko‘rsatib berdi. Chorshanba kuni tizimdagi kamchiliklar oshkor bo‘lgach, butun dunyoda hukumatlar va kompaniyalar PHP dasturlash tilida ishlaydigan tizimlarini himoya qilishga shoshildi. Hodisa ayrim xizmatlarning to‘xtab qolishiga hamda millionlab xakerlik hujumlariga sabab bo‘lib, so‘nggi yillardagi eng yirik kiberxavfsizlik hodisalaridan biriga aylandi. PHP dunyodagi veb-saytlarning katta qismi ishlaydigan dasturlash tili hisoblanadi, shu bois nosozlik ko‘plab tashkilotlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Britaniya hukumati internetdagi bunday uzilishlar yaqinda ishga tushirilgan Be Ready («Tayyor bo‘l») kampaniyasi naqadar muhimligini ko‘rsatganini ta’kidladi. Kampaniya aholiga uyda uch kunga yetadigan qadoqlangan suv va tez buzilmaydigan oziq-ovqat saqlashni tavsiya qiladi.

Bosh vazir Endi Byornem o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash bo‘yicha yig‘ilishda Britaniya avval favqulodda vaziyatlarga nisbatan faqat himoyalanish pozitsiyasida bo‘lganini, endi esa oldindan harakat qilishi kerakligini aytdi. Hukumat harbiy aviatsiyani jalb etishni ham o‘z ichiga olgan o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash bo‘yicha yangi rejani e’lon qildi.

Mudofaa vaziri Ues Striting sun’iy intellekt an’anaviy himoya choralarini chetlab o‘tishni osonlashtirayotgani sababli PHP’dagi kabi kiberhodisalar ko‘payishini aytdi. U, shuningdek, do‘st bo‘lmagan davlatlar, uyushgan jinoyatchilik va iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan xavflarni sanab o‘tdi. Vazirning BBC efirida aytishicha, Buyuk Britaniya uning butun umri davomida kuzatilgan eng yuqori xavf darajasiga duch kelmoqda.

Britaniyaning tavsiyalari Yevropa komissiyasining o‘tgan yilgi ko‘rsatmasiga o‘xshaydi. Unda Yevropa Ittifoqi fuqarolariga oziq-ovqat, suv, naqd pul va poverbanklar kabi zarur vositalardan iborat 72 soatlik favqulodda to‘plam saqlash tavsiya etilgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling