O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi dunyoning yirik madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Pompidu markazi (Centre Pompidou) bilan uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hamkorlik doirasida O‘zbekiston san’ati va madaniyatini xalqaro auditoriyaga tanishtiruvchi ko‘rgazma tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Jamg‘arma matbuot xizmatining UzNews.uz nashriga ma’lum qilishicha, 21-oktabr kuni Parij shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Pompidu markazi prezidenti Loran Le Bon bilan uchrashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvni imzoladilar.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri Pompidu markazida O‘zbekiston san’ati va madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishdan iborat. Mazkur tashabbus mamlakatning boy madaniy merosi va san’atini xalqaro miqyosda kengroq tanitishga xizmat qiladi.
1977-yilda Parijda ochilgan Pompidu markazi dunyodagi yirik madaniyat maskanlaridan biri hisoblanadi. Markazda Fransiya Milliy zamonaviy san’at muzeyi joylashgan bo‘lib, uning kolleksiyasida 150 mingga yaqin san’at asari mavjud. Ular orasida Pablo Pikasso, Anri Matiss, Vasiliy Kandinskiy va Endi Uorxol kabi taniqli rassomlarning asarlari bor.
Markaz muzeydan tashqari, jamoat kutubxonasi hamda musiqa tadqiqotlari markazini ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, u xalqaro ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, festivallar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan muhim maydon hisoblanadi.
