Toshkentda Markaziy Osiyoning 10 ta shahri barqarorlik koalitsiyasiga birlashdi

21.10.2026, 10:40 · 61 marta o‘qilgan
© UNDP

Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan 10 ta shahar tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida Shaharlar barqarorligi koalitsiyasiga birlashdi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ma’lum qildi.

19–20-oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shaharlar barqarorligi bo‘yicha ikkinchi mintaqaviy muloqot doirasida koalitsiya tarkibiga yana beshta shahar — Bishkek va Manas (Qirg‘iziston), Isfara (Tojikiston), Farg‘ona va Qo‘qon (O‘zbekiston) qo‘shildi. Koalitsiya 2025-yilda Petropavlovsk, O‘sh, Dushanbe, Ashxobod va Namangan shaharlari ishtirokida tashkil etilgan edi.

Muloqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat idoralari, shahar ma’muriyatlari hamda mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi hamda UNDP tomonidan Yaponiya hukumati ko‘magida tashkil etildi.

Tadbir doirasida mintaqa mamlakatlarining milliy seysmologiya muassasalari zilzilalar xavfini kamaytirish va ularga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandumni imzoladi. Hujjat ilmiy ma’lumotlar almashinuvi va muassasalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni rivojlantirishni nazarda tutadi.

UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujining ta’kidlashicha, shaharlarni rejalashtirishda tabiiy xavf-xatarlarni hisobga olish, ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish va barqaror infratuzilmaga sarmoya kiritish insonlar hayotini saqlash hamda rivojlanish natijalarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirataning tadbirda o‘qib eshittirilgan murojaatida uy-joy va infratuzilmadagi zaifliklar, jadal urbanizatsiya hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlari mintaqa oldidagi asosiy muammolar sifatida qayd etildi. Yaponiya tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni o‘z tajribasi, bilimlari va resurslari bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Xurshid Sotiyev hukumatlar, xalqaro hamkorlar, BMT agentliklari, ilmiy doiralar va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyorlik bildirdi.

Koalitsiya a’zolari o‘zaro tajriba almashish, shaharlarni rivojlantirish rejalarida iqlim xavflarini hisobga olish hamda toshqinlar, zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi a’zo shaharlarning ayrimlari, jumladan, O‘sh, Manas, Isfara, Farg‘ona va Qo‘qon Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida faoliyat yuritadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling