Voyaga yetmagan kuryer bilan yuz bergan mojaro ortidan restoranda tekshiruv o‘tkazildi va piyodalar yo‘lagidagi qo‘shimcha inshoot demontaj qilindi. Restoran vakiliga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Brasserie Park restorani vakili yo‘lakdagi, Toshkent markaziy univermagi (TSUM) yaqinida o‘rnatilgan stollar joylashgan ayvon orqali harakatlangan voyaga yetmagan kuryerni haqorat qilib, unga tahdid qilayotgani aks etgan video tarqaldi.
Voqeadan so‘ng Toshkent shahar hokimligi xodimlari restoran hududidan foydalanish talablariga, jumladan, piyodalar uchun erkin harakatlanish imkoniyati ta’minlanganiga rioya etilishini tekshirdi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan. Hudud qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan. Shahar hokimligi qo‘shimcha inshoot demontaj qilinganini aks ettiruvchi fotosuratlarni ham e’lon qildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, mojaro 17-oktyabr kuni taxminan soat 13:00 da restoranning 36 yoshli vakili va 17 yoshli kuryer o‘rtasida yuz bergan.
IIBB xabarida aytilishicha, restoran vakili S. R. jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor qoidalarini qasddan mensimay, M. Y. bilan qo‘pol muomala qilgan va jamoat tartibini buzgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilgan. To‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.
