Ipoteka bank OTP Group Uzcard Moment tezkor chiqariladigan kartasini ishga tushirdi

20.10.2026, 14:13 · 109 marta o‘qilgan

Ipoteka bank OTP Group kundalik to‘lovlar uchun mo‘ljallangan Uzcard Moment kartasini ishga tushirdi. Kartani bank filialida taxminan besh daqiqada rasmiylashtirish, olish va faollashtirish mumkin.

Yangi kartani olish uchun pasport yoki ID-karta yetarli. Uzcard Moment tayyorlanishini kutish yoki uni olish uchun bankka qayta murojaat qilishni talab etmaydi. Faollashtirilgandan so‘ng karta darhol foydalanishga tayyor bo‘ladi.

Uzcard Moment orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, naqd pul yechib olish, pul o‘tkazish hamda ATTO tizimi orqali jamoat transportida yo‘l haqini to‘lash mumkin. Kartada egasining ism-familiyasi ko‘rsatilmaydi, biroq u bank tizimida mijozga biriktiriladi. Imkoniyatlari jihatidan karta standart Uzcard kartasidan farq qilmaydi.

Kartani Ipoteka Mobile ilovasiga ulash orqali mijozlar to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi, QR-xizmatlardan foydalanishi, karta va hisobvaraqlarini boshqarishi hamda boshqa bank mahsulotlarini rasmiylashtirishi mumkin.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyidan rivojlantirilayotgan Ipoteka Mobile ilovasi birinchi oy davomida 340 ming martadan ortiq yuklab olingan, faol foydalanuvchilar soni esa 241 ming nafarga yetgan.

Ipoteka bank OTP Group boshqaruvi raisi o‘rinbosari Dmitriy Sapronovning ta’kidlashicha, bank xizmatlarini mijozlarning kundalik ehtiyojlariga moslashtirish va moliyaviy operatsiyalarni qulaylashtirishga e’tibor qaratmoqda.

2026-yil 30-noyabrgacha jismoniy shaxslar uchun Uzcard Moment kartasini chiqarish bepul. Karta bankning barcha filiallarida mavjud. Uni rasmiylashtirish va faollashtirish vaqti filialdagi mijozlar soniga qarab farq qilishi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling