Ibn Sino tavalludining 1050 yilligi nishonlanadi: Buxoroda ilmiy markaz ochiladi, u haqda film suratga olinadi

20.10.2026, 23:10 · 51 marta o‘qilgan
Buxorodagi Ibn Sino haykali
Foto: Davide Mauro / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0 (illyustrativ surat). Manba

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 19-oktabr kuni buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Hujjatda alloma tavalludining 2030-yilda nishonlanadigan 1050 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish vazifalari belgilangan.

Qarorga muvofiq, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi. Markaz Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazadi, ularning natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llaydi, ilmiy nashrlar tayyorlaydi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslari tashkil etiladi.

Allomaning xorijdagi fond va to‘plamlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari, kitoblari va tarjimalarini aniqlash, ularni raqamlashtirish hamda 2030-yilgacha yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish rejalashtirilgan. 2026–2030-yillarda «Mo‘jaz al-Qonun», «Qonuncha», «Al-Ishorat va at-tanbihot», «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» kabi asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ilmiy izohlar bilan nashr etiladi.

«Yo‘l xaritasi»da Ibn Sinoning bolaligiga bag‘ishlangan «Husayn» nomli film yaratish ham ko‘zda tutilgan. Filmda allomaning tibbiyotga qiziqishi, ustozlariga hurmati va insoniy fazilatlari yoritiladi. Uni 2028-yil martigacha kinoteatrlar, televideniye va raqamli platformalarda namoyish etish, xorij uchun subtitrlar tayyorlash va xalqaro kinofestivallarda ishtirok etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, alloma qarashlarini yorituvchi hujjatli filmlar ham tayyorlanadi.

Qarorda olimlarni rag‘batlantirish maqsadida «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish ham belgilangan. 2026-yil oktabrida Toshkentda «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Buxoro viloyatida esa «Tib qonunlari» asariga bag‘ishlangan yodgorlik barpo etilib, u 2028-yil martigacha qurib bitkaziladi.

Ibn Sino merosini yoshlarga sodda va tushunarli yetkazish uchun sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar asosida qisqa media materiallar tayyorlanadi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Xalqaro Ibn Sino salomatlik yurishi» tashkil etish rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling