AQSh davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga keldi

19.10.2026, 08:52 · 74 marta o‘qilgan
Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

AQSh davlat kotibi Marko Rubio yakshanba oqshomida rafiqasi bilan Samarqandga yetib keldi. Bu uning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi hisoblanadi.

Aeroportda AQSh davlat kotibini O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik hamda Samarqand viloyati rahbariyati vakillari kutib oldi.

Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida Marko Rubioni Samarqandda kutib olishdan mamnun ekanini bildirdi.

Dushanba kuni Samarqandda AQSh–O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Marko Rubio va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ikki mamlakat o‘rtasidagi Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining ilk raundini o‘tkazadi.

Baxtiyor Saidovning ta’kidlashicha, ushbu muloqot strategik sheriklikni yangi amaliy tashabbuslar bilan boyitish va Markaziy Osiyo hamda AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun imkoniyat yaratadi.

Marko Rubio bilan birga O‘zbekistonga AQShning 200 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ham kelishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Samarqandga yetib keldi. Davlat rahbari Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etishi hamda Marko Rubio bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling