Tesla payshanba kuni kechqurun uzoq kutilgan ikkinchi avlod Roadster sport avtomobilini taqdim etdi. Ilon Mask uning ilk prototipini 2017-yilda ko‘rsatgan bo‘lib, o‘shandan beri qariyb to‘qqiz yil o‘tdi. Taqdimot Texas shtatining Ueyko shahri yaqinidagi SpaceX kompaniyasining Makgregor sinov maydonida bo‘lib o‘tdi va jonli efirda namoyish etildi. Mask tadbirda «uchar mashinalar haqiqatga aylandi», dedi.
Taqdimotda avtomobil boshqa hech bir mashina qilmagan tryukni namoyish etdi. U tik rampaga chiqib, ag‘darildi va teskari holatda harakatlanishda davom etdi, so‘ng trassadan uchib chiqib, raketalar yordamida o‘zini to‘g‘rilab, yerga qo‘ndi. Tesla ma’lumotiga ko‘ra, namoyish avtomobili masofadan boshqarilgan, ichida hech kim bo‘lmagan, tryuk versiyasi esa jamoat yo‘llarida harakatlanish uchun ruxsat etilmaydi.
Kompaniya e’lon qilgan ko‘rsatkichlar hali mustaqil tekshirilmagan. Ularga ko‘ra, asosiy versiya soatiga 96 km (60 milya) tezlikka 1,9 soniyada chiqadi, «SpaceX paketi» bilan esa bu ko‘rsatkich 1 soniyadan kamroq bo‘lishi mumkin. Bu paketda sovuq gazli reaktiv dvigatellar qo‘llanilishi kutilmoqda. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 400 km dan oshadi, bir quvvatlashda bosib o‘tadigan masofasi 997 km, batareya sig‘imi esa 200 kVt·soat.
Biroq taqdimotda eng muhim savollarga javob berilmadi. Avtomobilning yakuniy narxi, ishlab chiqarish boshlanadigan sana va 2017-yilda oldindan to‘lov qilgan xaridorlar bilan qanday hisob-kitob qilinishi hali ma’lum emas. 2017-yilda Roadster’ning boshlang‘ich narxi 200 ming dollar deb e’lon qilingan edi. Tahlilchilar narx va sanasiz ajoyib tryuk avvalgi kechikishlar tarixini takrorlashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shunga qaramay, investorlar taqdimotni ijobiy kutib oldi: texnologiya kompaniyalari aksiyalari tushayotgan bir paytda Tesla aksiyalari tadbirdan keyin o‘sdi. Avtomobilning SpaceX bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani Tesla va SpaceX birlashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi — Barclays banki bunday birlashuv dekabrgacha yuz berishi mumkinligini aytgan. Teslaning uchinchi chorak moliyaviy natijalari 21-oktabr kuni e’lon qilinadi.
