Parij Olimpiadasi chempioni, dzyudochi Diyora Keldiyorova Qozog‘istonning Aqtau shahrida o‘tayotgan xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu uning ikki yillik tanaffusdan keyingi ilk musobaqasi bo‘ldi.
-52 kg vazn toifasida bellashgan sportchi barcha raqiblarini ishonchli yengib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda u ozarbayjonlik Farida Mirzayevani muddatidan oldin mag‘lub etdi. Bu g‘alaba unga jahon reytingi uchun 100 ochko keltirdi.
Musobaqadan keyin Diyora hali Parijdagi formasiga to‘liq qaytmaganini, endi u «yangi Diyora — ona» ekanini aytdi. «Dzyudoni yaxshi ko‘raman, dzyudo bilan yashayman», — dedi chempion.
Eslatib o‘tamiz, Keldiyorova 2024-yilda Parijda O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha ilk Olimpiya oltinini qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng farzandli bo‘lgani sababli musobaqalarda tanaffus qilgan. Sportchi oktabr oxirida Abu-Dabidagi xalqaro turnirda ham ishtirok etadi.
