Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi ko‘prik 12 yildan keyin ochildi

16.10.2026, 14:00 · 51 marta o‘qilgan
Foto: Kyodo News/Getty Images

15-oktabr kuni Xitoyning Dandun shahri va Shimoliy Koreyaning Sinijju shahrini bog‘lovchi Yangi Yalu daryosi ko‘prigi rasman foydalanishga topshirildi. Ko‘prik qurib bitkazilganiga 12 yil bo‘lgan, ammo shu vaqtgacha ishlatilmagan edi.

Ikki davlat Dandunda qo‘shma ochilish marosimi o‘tkazdi. Ko‘prikdan birinchi bo‘lib gullar va bayroqlar bilan bezatilgan yuk mashinalari o‘tdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ko‘prik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va odamlar almashinuvini osonlashtirishini ta’kidladi.

Uzunligi 3026 metr bo‘lgan vantli ko‘prik 2014-yilda qurib bitkazilgan. Biroq Shimoliy Koreya tomonida yo‘llar va chegara inshootlari tayyor bo‘lmagani sababli u yillar davomida ishlatilmay turgan. Ommaviy axborot vositalari ko‘prikni «dalaga borib taqaladigan ko‘prik» deb ham atashgan. Uning qurilishi Xitoyga taxminan 350 million dollarga tushgani aytiladi.

Yangi ko‘prik to‘rt qatorli bo‘lib, ikki tomonlama harakatga mo‘ljallangan. Hozirgacha yuklarning asosiy qismi 80 yildan oshgan eski Do‘stlik ko‘prigidan o‘tardi. U bir qatorli bo‘lib, 20 tonnalik yuk cheklovi bor. Dandun–Sinijju yo‘nalishiga ikki davlat savdosining qariyb 70 foizi to‘g‘ri keladi. Kutilishicha, yuk hajmi ikki baravargacha oshadi.

Eski ko‘prik temir yo‘l qatnovi uchun ishlashda davom etadi. Ayrim tahlilchilar yangi yo‘lak Pxenyanga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishni osonlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling