Rim Papasi Leo XIV o‘pka saratoniga chalingani ma’lum bo‘ldi

16.10.2026, 11:16 · 30 marta o‘qilgan
Foto: U.S. Department of State

Rim Papasi Leo XIV o‘pka saratoniga chalingani tasdiqlandi. 13-oktabr kuni u Rimdagi Gemelli shifoxonasida operatsiya qilindi, shifokorlar uning o‘ng o‘pkasining pastki bo‘lagini olib tashladi.

Vatikan tibbiy byulleteniga ko‘ra, operatsiya paytida o‘pka adenokarsinomasi tashxisi tasdiqlangan. Bu tashxis operatsiyadan oldingi tekshiruvlarda ham taxmin qilingan edi. 71 yoshli Papa operatsiya xonasida qariyb uch soat bo‘ldi, jarrohlikning o‘zi esa 90 daqiqa davom etdi. Vatikan operatsiya muvaffaqiyatli va asoratsiz o‘tganini ma’lum qildi.

Papa kasalligi haqida yakshanba kuni o‘zi ochiq e’lon qilgan va shifoxonaga o‘z oyog‘i bilan, asosiy kirish eshigidan kirib borgan. Bu Vatikanning papalar sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish amaliyotida jiddiy o‘zgarish sifatida baholanmoqda.

Hozircha kimyoterapiya yoki boshqa davolash usullari haqida gap yo‘q. Limfa tugunlari tekshiruvi natijalari, ya’ni kasallik tarqalganmi yoki yo‘qmi, hali e’lon qilinmagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, adenokarsinoma o‘pka saratonining eng keng tarqalgan va prognozi eng qulay turi hisoblanadi.

Papaning 20-oktabrgacha bo‘lgan barcha qabullari bekor qilindi. Uning noyabr oyida Urugvay, Argentina va Peruga rejalashtirilgan safari amalga oshishi hozircha noma’lum. Leo XIV tarixdagi birinchi amerikalik Rim Papasi bo‘lib, bu lavozimda 17 oydan beri faoliyat yuritmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling