14-oktyabr kuni Toshkent shahrida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan til.uz milliy raqamli portali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha HAYOT Foundation tomonidan «Gross» sug‘urta kompaniyasi va O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi ko‘magida yaratilgan.
Portal o‘zbek tiliga oid lug‘atlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, shevalar haqidagi ma’lumotlar hamda matn bilan ishlash vositalarini yagona platformada birlashtiradi. Undagi barcha materiallardan bepul va ro‘yxatdan o‘tmasdan foydalanish mumkin.
Loyihaning asosiy maqsadi — o‘zbek tilini o‘rganish va ommalashtirishga ko‘maklashish, uning boy madaniy merosini asrash hamda tilga oid bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish.
Portalda o‘zbek tilidagi matnlar bilan ishlashni osonlashtiruvchi texnologik vositalar ham mavjud. Tilmoch.ai va Tahrirchi.uz bilan hamkorlikda amalga oshirilgan yechimlar matnlarni lotin va kirill yozuvlari o‘rtasida o‘girish, shuningdek, so‘z noto‘g‘ri yozilgan holatlarda ham kerakli so‘zni topishga yordam beradi.
Portal taqdimoti munosabati bilan «Ilhom» teatri til va avlodlar o‘rtasidagi aloqani saqlash mavzusiga bag‘ishlangan «Qo‘l lug‘ati» nomli badiiy tomoshani ham yaratdi.
Tashabbus o‘zbek tiliga oid bilimlarni keng ommaga yetkazish, milliy madaniy merosni asrash va barcha uchun ochiq ta’lim resurslarini rivojlantirishga qaratilgan.
