2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirildi.
Ushbu muddat bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan yoki ko‘chirib tiklangan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
Belgilangan muddatgacha bazaviy to‘lov-kontrakt asosida tahsil oluvchilar yillik kontrakt summasining kamida 25 foizini, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar esa kamida 50 foizini to‘lashi lozim.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagog xodimlarning farzandlari uchun ham imtiyoz joriy etilgan. Unga ko‘ra, ularning to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi qoplab beriladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza yuborish kerak.
Shu sababli kontrakt to‘lovlarini amalga oshirayotgan talabalar va ularning ota-onalariga belgilangan muddatlarga rioya qilish, pedagog xodimlarning farzandlariga esa mavjud imtiyozdan foydalanish shartlarini o‘rganib chiqish tavsiya etiladi.
