Turkiyaning Antaliya viloyati, Kekova oroli yaqinida arxeologlar dunyodagi eng qadimgi kema halokati izlarini topdi. Mutaxassislar kemani 4400–4700 yil avval, ilk bronza davrida cho‘kkan deb hisoblamoqda.
Topilma 30 metr chuqurlikda, suv ostidagi qiyalikda joylashgan. Kemaning yog‘och qismi saqlanib qolmagan, shu sabab radiouglerod usulida sanani aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Olimlar yoshni amforalar, ya’ni sopol idishlarning shakli va bezaklari asosida belgilagan. Dengiz tubida 30 dan ortiq sopol idish va uchta tosh langar topildi.
Ekspeditsiyaga Akdeniz universiteti dotsenti Hakan Öniz rahbarlik qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taxminan 10 metr uzunlikdagi savdo kemasi bo‘lib, O‘rta yer dengizining sharqiy sohilidan yo‘lga chiqqan. Kema yuklarni Troya shahriga yoki Kritdagi minoyliklarga olib ketayotgan bo‘lishi mumkin. Tahlillarga ko‘ra, idishlar Iordan vodiysida yasalgan bo‘lishi ehtimoli bor.
Idishlardan birida to‘qqizta belgi va ikkita teshik bor. Olimlar undan pishloq yoki sariyog‘ tayyorlashda foydalanilgan deb taxmin qilmoqda. Ekspeditsiya rahbari dengiz tubidagi kemani «vaqt kapsulasi» deb atadi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi rahbari Mehmet Nuri Ersoyning aytishicha, kema bir necha yil oldin topilgan, qazishmalar esa shu yil boshlangan. Shu paytgacha eng qadimgi kema halokati Gretsiyaning Dokos oroli yaqinidagi, taxminan 4200 yillik kema hisoblanardi. Yangi topilma Gizadagi buyuk piramida qurilayotgan davrda cho‘kkan. Topilgan buyumlar hozir restavratsiya qilinmoqda.
