AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga tashrif buyuradi

14.10.2026, 12:35 · 36 marta o‘qilgan
© fundacionandresbello.org

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio 17–22-oktyabr kunlari O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi. Safar doirasida u Samarqand shahrida bo‘lib, “C5+1” vazirlar yig‘ilishida ishtirok etadi hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi. Bu haqda Interfax.uz nashriga AQShning O‘zbekistondagi Elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif davomida Marko Rubio O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

“C5+1” diplomatik platformasi orqali strategik hamkorlikni rivojlantirish AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanadi.

Tashrifning muhim jihatlaridan biri — AQSh Davlat kotibining 200 dan ortiq biznes vakillaridan iborat tijorat delegatsiyasiga boshchilik qilishi. Bu tashabbus AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy imkoniyatlarni rivojlantirish va tijorat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Samarqanddagi uchrashuvlar AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratadi.

O‘zbekistondagi uchrashuvlardan so‘ng Marko Rubio Hindistonga yo‘l oladi. Mumbay va Jamnagardagi tashriflari davomida u Hindiston hukumati vakillari va biznes doiralari bilan uchrashib, AQSh–Hindiston strategik sherikligi, energetika sohasidagi hamkorlik va investitsiyaviy imkoniyatlarni muhokama qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling