Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Eron prezidenti Masud Pezeshkian 9-oktabr kuni Turkmanistonning Kaspiy sohilidagi Avaza shahrida ikki tomonlama uchrashdi. Euronews yozishicha, Putin AQSH–Eron urushini tugatish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni» qilishga va’da berdi va Tehronning «chinakam sa’y-harakatlarini» maqtadi.
Pezeshkian tomonlar urushni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha takliflar almashganini aytdi. Eron ularni qayta ko‘rib chiqmoqda va vositachilar orqali topshiradi. U AQSH hujumlari davom etayotganiga qaramay Eron muzokara stolini tark etmasligini ta’kidladi. Rossiya rasmiy vositachilar qatorida emas: muzokaralarni Qatar va Pokiston olib bormoqda.
Bu Pezeshkian lavozimga kelganidan beri prezidentlarning yettinchi uchrashuvi bo‘ldi. Ular 7-oktabr kuni, Putinning tug‘ilgan kunida, telefon orqali gaplashgan, oxirgi marta 1-sentabr kuni Bishkekdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida yuzma-yuz uchrashgan edi. Urush 28-fevral kuni AQSH va Isroilning qo‘shma zarbalari bilan boshlangan. Putin ikki mamlakat savdosi 2025-yilda 21 foizdan ko‘proq o‘sganini va 2026-yilning dastlabki yetti oyida ham shu sur’atda davom etganini aytdi.
Eron axborot manbalari Rossiya 20 milliard dollarlik paketning birinchi qismi sifatida 1 milliard dollarlik kredit ajratgani haqida yozgan, biroq Eron rasmiylari mablag‘ni qanday sarflash borasida kelisha olmagani uchun o‘tkazma kechikayotgani qayd etiladi. Uchrashuv Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli urushi beshinchi yilga kirgan paytda bo‘ldi.
