1 milliard so‘mlik «Mustaqillik-35» ta’lim granti g‘oliblari e’lon qilindi. Metsenat loyihasi doirasida 100 nafar talaba kontrakt to‘lovi uchun 10 million so‘mdan oldi. G‘oliblarning 67 nafari qizlar, 33 nafari yigitlar. Jami 15 290 ta ariza kelib tushgan.
Tanlovda o‘zlashtirish, oilaning ijtimoiy ahvoli, nogironlik, ota-onadan mahrumlik, jamoat faolligi va yutuqlar hisobga olingan. G‘oliblar yo‘nalishlar bo‘yicha: iqtisodiyot va moliya — 26, filologiya va tillar — 25, tibbiyot — 13, huquqshunoslik — 13, muhandislik, IT va texnika — 6, ijtimoiy va siyosiy fanlar — 6, pedagogika — 5, tabiiy va aniq fanlar — 3, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya — 3.
Grant Yoshlar ishlari agentligining «Ibrat farzandlari», UzChess, «Mutolaa», «Ustoz AI», UzCombinator va «Ko‘mak» kabi loyihalari bilan kelishilgan holda e’lon qilindi. G‘oliblarning to‘liq ro‘yxati Metsenat veb-saytida e’lon qilingan.
