Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi xorijdan turib sodir etilayotganini ma’lum qildi. Vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapov 7-oktabrdagi murojaatida firibgarlar asosan odamlarning ishonuvchanligi, e’tiborsizligi va past raqamli savodxonligidan foydalanishini aytdi.
Vazirlik quyidagi maslahatlarni berdi: gumonli fayllarni, ayniqsa APK fayllarni, hatto tanish odamdan kelgan bo‘lsa ham, ochmaslik va yuklamaslik; davlat xodimiman deb tanishtirib, kod yoki parol so‘rayotgan notanish qo‘ng‘iroqchilarga ishonmaslik; qisqa vaqtda pulni ko‘paytirib berishga va’da qiladigan platformalardan uzoq turish; onlayn xaridda sotuvchining ishonchliligini tekshirmay oldindan to‘lamaslik; bank kartasining PIN-kodi va telefonga kelgan SMS-kodni hech kimga aytmaslik.
