Germaniya hukumati 2026-yil uchun yalpi ichki mahsulot o‘sish prognozini aprel oyidagi 0,5 foizdan 1,3 foizgacha oshirdi. Iqtisodiyot vaziri Katarina Rayxe 8-oktabr kuni e’lon qilgan prognozga ko‘ra, 2027-yilda o‘sish 1,1 foiz, 2028-yilda esa 0,6 foiz bo‘ladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya iqtisodiyoti bahorda taxmin qilinganidan mustahkamroq chiqdi. Euronews yozishicha, mamlakat Eron urushi keltirib chiqargan energetika zarbasini yengib o‘tdi va jahon miqyosidagi sun’iy intellekt portlashidan foyda ko‘rdi: ma’lumotlar markazlari qurilishi nemis lazerlari, yarimo‘tkazgich uskunalari va sovutish tizimlariga buyurtmalarni oshirdi.
Eksport 2026-yilda 3,7 foizga o‘sishi kutilmoqda (2025-yilda 0,9 foizga kamaygan edi). Eron urushi boshlangach, xorijiy importchilar nemis po‘lati, o‘g‘iti va alyuminiyini zaxiraga olishgan.
Biroq inflyatsiya yuqoriligicha qolmoqda: sentyabrda u 3,3 foizga yetib, deyarli uch yildagi eng yuqori darajaga chiqdi. Uy xo‘jaliklari iste’moli esa past bo‘lib qoladi. Haydovchilarga yordam sifatida hukumat o‘tgan haftada yoqilg‘i solig‘ini vaqtincha kamaytirishni e’lon qilgan.
