Toshkent — Seul reysida yo‘lovchi ayolning hayotini saqlab qolgan shifokor mukofotlandi

10.11.2026, 21:00 · 80 marta o‘qilgan
Uzbekistan Airways samolyoti
Foto: Tohaklim / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

Toshkent — Seul reysida yo‘lovchi ayolning hayotini saqlab qolgan shifokor Hasan Komilovga «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent — Seul yo‘nalishidagi HY511 reysida yuz bergan. Parvoz vaqtida ekipaj a’zolari yo‘lovchilar orasida tibbiy yordam ko‘rsata oladigan mutaxassis bor-yo‘qligini so‘ragan. Shunda samolyotda bo‘lgan shifokor hushsiz yotgan ayolni ko‘rib, darhol uning yoniga borgan.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ayolning qon bosimi va tomir urishi aniqlanmagan, u shok holatida bo‘lgan, tanasi ko‘karib, sovib ketgan. Komilov o‘zi bilan olib yuradigan dori-darmonlar hamda ekipaj taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy vositalardan foydalanib, ayolga shoshilinch yordam ko‘rsatgan.

«Birgalashib bemorga tez yordam muolajalarini o‘tkazdik. 10 ming metr balandlikda 10–15 daqiqada bemor o‘ziga kela boshladi», — dedi shifokor vazirlikka bergan intervyusida. Shundan so‘ng u ekipajga samolyotni qo‘ndirmasdan, parvozni davom ettirish mumkinligini aytgan.

Shifokorning o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami tufayli parvoz rejadagidek davom etgan, ayolning hayoti esa saqlab qolingan. Vazirlik shifokorning jasoratini yuqori baholab, uni mukofotladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling