Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklamalarning «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiqligi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar blogerning ro‘yxatini shakllantirgan bo‘lib, ularning sahifalarida joylashtirilayotgan reklama materiallari har kuni o‘rganilmoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, 12 nafar bloger reklama qonunchiligi talablariga zid reklama joylashtirgani aniqlandi va ularga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
Shu bilan birga, qo‘mita mamlakatda keng tanilgan xonandalar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilar ro‘yxatini ham shakllantirib, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamaga oid chiqishlarini muntazam kuzatib bormoqda.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilar, jumladan, blogerlar va mashhur shaxslarni reklama materiallarini joylashtirishda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Idora reklamada haqqoniylik va ishonchlilikni ta’minlash iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
