Buxoro 2027-yilda YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i konferensiyasiga mezbonlik qiladi

10.11.2026, 17:30 · 41 marta o‘qilgan
Buxorodagi Poyi Kalon majmuasi
Foto: Fulvio Spada from Torino, Italy / Wikimedia Commons, CC BY-SA 2.0

Buxoro 2027-yilda YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘ining 19-yillik konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Bu haqda YUNESKO xabar berdi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro Markaziy Osiyo, MDH va Turkiy davlatlar tashkiloti hududida ushbu xalqaro tadbir o‘tkaziladigan birinchi shaharga aylanadi. Buxoro anjumanni o‘tkazish estafetasini Marokashning Es-Suveyra shahridan qabul qilib oladi.

YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘i kreativ sanoat va madaniyatni rivojlantirishdagi faol roli uchun e’tirof etilgan 100 dan ortiq mamlakatning 408 ta shahrini birlashtiradi. Konferensiyada shahar boshqaruvchilari, ijodiy industriya vakillari va ekspertlar kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish hamda shaharlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejalarida madaniy salohiyatdan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Tadbir doirasida yuqori darajadagi sessiyalar, tematik munozaralar va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Konferensiyani Buxoroda o‘tkazish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 30-oktabrda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surilgan edi. O‘shanda Bosh konferensiya so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida o‘tkazilgan.

Buxoro YUNESKO Ijodiy shaharlar tarmog‘iga hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati yo‘nalishi bo‘yicha a’zo. Shaharning tarixiy markazi 1993-yildan beri YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling