O‘n oyda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 10 million litrdan ortiq sifatsiz benzin aniqlandi

10.11.2026, 17:00 · 51 marta o‘qilgan
Yoqilg'i quyish kolonkasi
Foto: Rama / Wikimedia Commons, CC BY-SA 2.0 fr

2026-yilning o‘n oyida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 10 million litrdan ortiq Ai-92 markali sifatsiz benzin aniqlandi. Bu haqda 4-noyabr kuni Kontent tayyorlash markazida «O‘zenergoinspeksiya» rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Inspeksiyaning neft-gaz sohasida nazorat boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Karimovning aytishicha, yanvar–oktabr oylarida respublika bo‘yicha qariyb 3000 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi tekshirilgan. Ulardan 330 tasida sifat talablariga javob bermaydigan neft mahsulotlari sotilayotgani aniqlangan, qoidabuzarliklarning 240 tasi avtomobil benzini bilan bog‘liq.

Sifatsiz yoqilg‘ining katta qismi Andijon va Farg‘ona viloyatlarida aniqlangan. Navoiy, Namangan va Samarqand viloyatlarida ham bunday holatlar kuzatilgan. Mahsulot sifati inspeksiyaning markaziy va mintaqaviy laboratoriyalarida, zarur hollarda akkreditatsiyadan o‘tgan boshqa laboratoriyalarda tekshiriladi.

Karimovning so‘zlariga ko‘ra, sifatsiz yoqilg‘i aniqlangan shoxobchalar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Yoqilg‘i qayta laboratoriya tekshiruvidan o‘tib, muvofiqlik sertifikati olinganidan keyingina uni sotishga ruxsat beriladi. U inspeksiyaning asosiy maqsadi neft mahsulotlarini musodara qilish emas, balki ularning iste’molchilarga sifatsiz holda sotilishini to‘xtatish ekanini ta’kidladi.

Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 7800 tonna neft mahsulotining sifatsiz holda sotuvga chiqarilishining oldi olingan. Sifatsiz yoqilg‘i avtomobil dvigateliga zarar yetkazishi mumkin, shu bois haydovchilar shubhali holatlar haqida «O‘zenergoinspeksiya»ga xabar berishi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling