Mahalliy maishiy texnika xaridi uchun yillik 18 foizli kreditlar berish taklif etildi

09.11.2026, 12:30 · 42 marta o‘qilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda mahalliy maishiy texnika savdosini rag’batlantirishning yangi mexanizmini taklif qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Taklifga ko’ra, tijorat banklari O’zbekistonda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratadi. Yangi mexanizm bir tomondan oilalarning zamonaviy texnika sotib olish imkoniyatlarini kengaytirishi, ikkinchi tomondan mahalliy korxonalar mahsulotlari sotuvini oshirishi kerak.

Prezident mutasaddilarga ikki hafta ichida tegishli hisob-kitoblarni tayyorlab, dasturni amalga oshirish uchun tijorat banklariga arzon moliyaviy resurslarni joylashtirish bo’yicha aniq takliflar kiritishni topshirdi. Biroq banklar mablag’larni qaysi manbalar hisobidan olishi, kreditlarning eng yuqori miqdori va muddatlari, qarz oluvchilarga qo’yiladigan talablar hamda dasturni ishga tushirish muddatlari hozircha aniqlashtirilmagan.

Taqqoslash uchun, Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, 2026-yil avgust oyida jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo’yicha o’rtacha foiz stavkasi yillik 21,3 foizni tashkil etgan. Biroq bu ko’rsatkich kreditlarning turli turlarini qamrab olgani sababli taklif etilayotgan dastur bilan to’g’ridan-to’g’ri taqqoslab bo’lmaydi.

Uchrashuvda, shuningdek, davlatdan imtiyoz olgan, qiymati 10 mln dollardan yuqori yirik investitsiya loyihalarida mahalliy elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanish majburiyati joriy etilishi ma’lum qilindi. Hozir energetika sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foiz, kabel mahsulotlari bo’yicha esa 70 foiz bo’lishi talab etiladi.

Davlat xaridlari doirasida har yili 10 trln so’mlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi. 2027-yil 1-yanvardan davlat xaridlari bo’yicha uch yillik rejalarni oldindan e’lon qilish boshlanadi, xaridlarda esa faqat eng arzon narxga qarab mahsulot tanlash amaliyoti qayta ko’rib chiqiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling