Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonga tashrif buyurgan Qatar amiri bilan uchrashdi

27.10.2026, 21:00 · 161 marta o‘qilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi muloqotlar va tizimli ishlar natijasida aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Tomonlar bunday yaqin munosabatlar ikki tomonlama do‘stlik hamda hamkorlikni yanada mustahkamlashini e’tirof etdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi qo‘shma loyihalarni yanada kengaytirishga kelishib olindi. Yetakchilar global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Ikki davlat rahbarlari so‘nggi oylarda bir necha bor uchrashdi. 2026-yil 14-iyulda Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish uchun Dohaga borgan edi. O‘shanda Lusail saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Qatar amirini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qilgan.

Oktabr oyi o‘rtalarida esa ikki yetakchi Bokuda bo‘lib o‘tgan Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OVMDA) sammiti doirasida ham uchrashgan edi. Shuningdek, sentabr oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qatar amiri bilan uchrashib, ikki mamlakat hamkorligining yangi bosqichini muhokama qilgan.

Qatar Fors ko‘rfazidagi eng boy davlatlardan biri bo‘lib, dunyodagi suyultirilgan tabiiy gazning yirik eksportchilaridan hisoblanadi. Mamlakatning suveren investitsiya fondi turli davlatlardagi yirik loyihalarga sarmoya kiritib keladi. Shu bois O‘zbekiston uchun Qatar bilan hamkorlik investitsiyalarni jalb qilish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Shavkat Mirziyoyev 2023-yil oktabrida Qatarga davlat tashrifi bilan borgan edi. Tomonlar mudofaa sohasida ham hamkorlikni kengaytirib, bu yil may oyida yangi harbiy kelishuv imzolagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling