Amerikalik investor Qashqadaryodagi sabzavot qayta ishlash zavodiga sarmoyani 50 mln dollarga yetkazmoqchi

27.10.2026, 20:30 · 78 marta o‘qilgan
Quritilgan sabzavotlar
Foto: Fumikas Sagisavas / Wikimedia Commons, CC0

AQShning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlashga investitsiyalar hajmini 50 mln dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

Oziq-ovqat sanoati uchun ingrediyentlar ishlab chiqaruvchi korxonaga dastlab 8,5 mln dollar sarmoya kiritilgan. Investorning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, umumiy investitsiyalar hajmi 50 mln dollarni tashkil etadi. Korxona sabzavotlarni suvsizlantirish orqali xalqaro bozor talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqaradi va ularni AQSh, Indoneziya va Yevropa mamlakatlariga, jumladan, Nestlé va Mars kabi yirik kompaniyalarga yetkazib berishni mo‘ljallaydi.

Zavodda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli ko‘katlar qayta ishlanadi. Olingan ingrediyentlar tez tayyorlanadigan lag‘mon va sho‘rvalar, ziravorlar, konserva hamda kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Buning uchun mahsulotlarning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolish imkonini beruvchi konveksion uskunalardan foydalaniladi.

Ishlab chiqarish jarayonlarining qariyb 30 foizi robotlashtirilgan, korxonada 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Quvvatlar to‘liq ishga tushgach, zavod bir sutkada 310 tonnagacha xomashyoni qayta ishlashi mumkin. Investor bahosiga ko‘ra, yillik aylanma 40 mln dollarga yetadi.

Xabar qilinishicha, korxonaning dastlabki eksport maqsadi 20 mln dollar bo‘lib, 2029-yilga borib xorijga yetkazib berish hajmini 45 mln dollargacha oshirish rejalashtirilmoqda. Kutilayotgan xaridorlar qatorida Nestlé va Purina brendlari ham tilga olingan, biroq tuzilgan shartnomalar haqida ma’lumot berilmagan.

Amerika kompaniyasi vakili loyiha uchun O‘zbekiston tanlanganining sabablari sifatida mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar, qulay geografik joylashuv va Qashqadaryodagi xomashyo bazasini ko‘rsatdi. Prezident tashrifi chog‘ida korxona faoliyati va kelgusi rejalar bilan yaqindan tanishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling