AQSh prezidenti Donald Tramp Google kompaniyasi rahbari Sundar Pichaidan Atlantika okeani nomini o‘z nomiga yoki Amerika sharafiga o‘zgartirishni so‘ragan, biroq rad javobini olgan. Bu haqda The Guardian yozmoqda.
Trampning aytishicha, u Pichaiga shaxsan qo‘ng‘iroq qilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, unga faqat ikkita okean — Atlantika va Tinch okeani yoqadi, shu bois u Atlantika okeani nomini o‘zgartirish variantini jiddiy ko‘rib chiqqan va bu masalada Google Maps xizmatiga murojaat qilgan.
Tramp hikoya qilishicha, Pichai bu taklifga ko‘nmagan. Google rahbari okeanlar bilan vaziyat butunlay boshqacha ekanini, ular ko‘plab davlatlarning qirg‘oqlarini yuvib turishini aytib, kompaniyadan buni talab qilmaslikni so‘ragan. Shundan so‘ng prezident o‘z fikridan qaytib, okean nomini o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilganini aytdi.
Tramp avvalroq Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb qayta nomlash haqida farmon chiqargan, federal idoralardan yangi nomdan foydalanishni talab qilgan edi. AQSh va Kanada o‘rtasidagi savdo nizosi fonida u Ontario ko‘lini ham Amerika ko‘li deb o‘zgartirishga uringan. Bunday holatlarda Google xaritalarida yangi nom AQSh foydalanuvchilariga, eski nom Kanada foydalanuvchilariga ko‘rsatiladi, dunyoning qolgan qismi uchun esa ikkala nom bir vaqtda aks etadi.
Prezident Hormuz bo‘g‘ozini ham o‘z nomi bilan atash g‘oyasini ilgari surgan edi. O‘tgan oy, AQShning Eron bilan davom etayotgan urushi fonida, u Truth Social tarmog‘ida bo‘g‘oz nomini «Tramp bo‘g‘ozi»ga o‘zgartirish haqida yozgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 2025-yil yanvarida Meksika ko‘rfazini qayta nomlash haqidagi farmonni imzolaganidan so‘ng Google o‘z xaritalarida AQShdagi foydalanuvchilar uchun «Amerika ko‘rfazi» nomini ko‘rsata boshlagan edi. Bu qaror o‘shanda turli mamlakatlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Endi esa kompaniya okean nomini o‘zgartirishdan qat’iy bosh tortdi, chunki okean bir emas, balki ko‘plab davlatlarning qirg‘oqlarini yuvib turadi va uning nomi xalqaro miqyosda qabul qilingan.
