«O‘zbekfilm» davlat muassasasi tugatilib, uning o‘rnida zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni «Renessans» kino uyida kinoijodkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi kinokompaniya milliy kino brendini yaratish va zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha tayanch markaz hamda bosh operator bo‘ladi. Biroq u endi o‘zi film ishlab chiqarmaydi: filmlarni yaratish to‘liq xususiy sektorga o‘tadi. Kompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, tarqatish, ularni xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Milliy kinokompaniya faoliyatini bir hafta ichida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, kinolarni moliyalashtirishda «goszakaz», ya’ni davlat buyurtmasi amaliyotidan subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, eskidan qolgan bu tizim zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti. Bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bitta muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan, buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani esa xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkonini cheklagan.
Natijada kuchli ssenariy va sifatli film yaratish o‘rniga topshiriqni tezroq «yopish» asosiy mezonga aylanib qolgan. Prezident san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriq asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, balki ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi.
2027-yildan boshlab har yili «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi so‘roviga ko‘ra byudjetdan tegishli mablag‘ ajratib boriladi. Taqqoslash uchun, 2016-yilda filmlar olish uchun davlat byudjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilning o‘zida bu maqsadga 218 milliard so‘m yo‘naltirilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, uning 19 ta tashkiloti va Kinematografiya jamg‘armasi tugatilib, soha boshqaruvi Madaniyat vazirligiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Vazirlik huzurida yangi Kino san’ati departamenti tashkil etilib, uning rahbari vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
