BBC ikki telekanali va bitta radiosini yopadi: korporatsiya 500 million funt tejamoqchi

23.10.2026, 11:01 · 78 marta o‘qilgan
Foto: Wikipedia

Britaniya jamoat teleradiokompaniyasi BBC bahor oyida oʻzining BBC Three va BBC Scotland telekanallarini efirdan olib tashlashini ma’lum qildi. Bu haqda seshanba kuni BBC’ning oʻzi xabar berdi. Qaror korporatsiyaning ikki yil ichida 500 million funt sterling (taxminan 669 million dollar) tejash rejasi doirasida qabul qilingan.

Har ikki kanal butunlay yopilmaydi, balki faqat onlayn formatga oʻtadi. Ya’ni ular BBC’ning iPlayer onlayn platformasida ayrim kontentlarni ishlab chiqarish va joylashtirishda davom etadi, biroq endi an’anaviy efir televideniyesining kunlik koʻrsatuvlar jadvalini toʻldirishga ehtiyoj qolmaydi. Bu esa kanallarga sarflanadigan xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, BBC Radio 4 Extra radiostansiyasini ham yopishini e’lon qildi. Bu stansiya asosan BBC arxividagi nutqqa asoslangan dasturlar — komediya, drama va hujjatli eshittirishlarni efirga uzatib kelgan.

BBC bosh direktori Mett Brittin qaror «kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlar bosimi» sababli qabul qilinganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu vaziyat ogʻir tanlovlar qilishni talab etadi. BBC Scotland direktori Heyli Valentayn esa jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar sharoitida mablagʻlarni tomoshabinlar uchun eng katta foyda keltiradigan yoʻnalishlarga yoʻnaltirish zarurligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, BBC Three uchun bu birinchi marta emas. Yoshlarga moʻljallangan bu kanal 2016-yilda ham xarajatlarni kamaytirish maqsadida efirdan olib tashlanib, faqat onlayn rejimga oʻtkazilgan edi. Biroq 2022-yilda u an’anaviy televideniyega qaytarilgan. BBC Scotland telekanali esa 2019-yilda ishga tushirilgan boʻlib, Shotlandiya tomoshabinlari uchun mahalliy kontent tayyorlab kelgan.

Soʻnggi yillarda an’anaviy televideniye tomoshabinlari soni kamayib, auditoriya tobora onlayn platformalarga oʻtib bormoqda. BBC’ning bu qarori ham butun dunyo boʻylab teleradiokompaniyalar duch kelayotgan ana shu oʻzgarishlar va moliyaviy bosimning bir koʻrinishi sifatida baholanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling