O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ikkinchi va uchinchi atom elektr stansiyalarini (AES) qurish rejalari borligini ma’lum qildi. Bu haqda u 16-oktyabr kuni investorlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda uran qazib olish hajmi oshib bormoqda, atom energetikasi sohasida esa zarur tajriba va imkoniyatlar shakllanmoqda. 17-oktyabr kuni ikkinchi AES qurilishi bo‘yicha yangi hamkorlar va investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hozircha yangi stansiyalarning joylashuvi, quvvati, qiymati va qurilish muddatlari ma’lum qilinmagan.
O‘zbekistonning birinchi AESi Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilmoqda. Loyihaga umumiy quvvati 2 110 MVt bo‘lgan ikkita yirik va ikkita kichik energiya bloki kiradi. Stansiya to‘liq quvvatda ishlaganida yiliga taxminan 17,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Loyihaning qiymati 9,5 milliard dollarga baholangan.
Birinchi kichik reaktorni 2029-yilda, birinchi yirik energiya blokini esa 2033-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekiston birinchi AESni Rossiya, ikkinchisini esa Xitoy bilan hamkorlikda qurishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Biroq O‘zbekiston hukumati ikkinchi loyiha uchun Xitoy kompaniyasi tanlanganini hozircha rasman tasdiqlamagan.
“O‘zatom” agentligi rahbari Azim Ahmedxadjayev Forish tumanidagi maydonda yana ikkita yirik energiya blokini joylashtirish imkoniyati mavjudligini aytgan. Biroq yangi stansiyalar aynan shu hududda qurilishi hozircha noma’lum.
