Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi tubidan o‘tuvchi transkaspiy optik tolali aloqa liniyasini rasman ishga tushirdi. 380 kilometr uzunlikdagi kabel Oqtov va Ozarbayjonning Sumgait shaharlarini bog‘laydi. Loyiha Osiyo va Yevropa o‘rtasida Rossiya infratuzilmasini chetlab o‘tuvchi muqobil internet-trafik yo‘nalishini yaratishga xizmat qiladi.
15-oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev liniyaning ishga tushirilish marosimida onlayn ishtirok etdi. O‘tkazuvchanlik quvvati sekundiga 400 terabitdan ortiq bo‘lgan kabel «Kazakhtelecom» va AzerTelecom kompaniyalari hamkorligida qurildi.
Yangi aloqa liniyasi xalqaro raqamli koridorning bir qismiga aylanadi. U Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ma’lumotlarni Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropaga uzatish imkonini beradi. Keyingi bosqichda trafik Qora dengiz yoki Turkiya orqali yetkazilishi mumkin.
Qozog‘iston uchun loyihaning asosiy ahamiyati xalqaro internet-trafikni uzatishning muqobil yo‘nalishini yaratishdan iborat. Shu paytgacha mamlakatning xorijiy internet aloqalarining katta qismi Rossiya infratuzilmasi orqali amalga oshirilgan. Yangi liniya ushbu yo‘nalishga qaramlikni kamaytirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Qosim-Jomart To‘qayev yangi loyihani raqamli davrga mos hamkorlikning yangi shakli deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu an’anaviy transport koridori emas, balki O‘rta koridorning raqamli ko‘rinishidir. Ilhom Aliyev esa yangi aloqa liniyasidan Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va boshqa mintaqalar mamlakatlari ham foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
Kaspiy dengizi orqali kabel yotqizish g‘oyasi ilk bor 2008-yilda ilgari surilgan. 2019-yil noyabr oyida ikki mamlakat bosh vazirlari qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etgan va ishlarni 2021-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan edi. Biroq muddatlar bir necha bor kechiktirildi.
Keyinchalik Qozog‘iston tomonidagi loyiha uchun mas’uliyat «Transtelecom» kompaniyasidan «Kazakhtelecom»ga o‘tdi. 2024-yilda ikki operatorning loyihaga kiritadigan investitsiyalari 50 million AQSh dollariga baholangan. Dengiz tubida kabel yotqizish ishlari 2026-yilda yakunlandi.
Internet kabelini ishga tushirish bilan bir vaqtda Qozog‘iston va Ozarbayjon Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini, ya’ni O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ham imzoladi.
Xitoydan boshlanib, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropaga yo‘naladigan ushbu transport koridori doirasida temiryo‘l, avtomobil yo‘llari va port infratuzilmasini kengaytirish rejalashtirilgan.
