Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlari uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. Hujjat 2026-yil 14-oktabrdan kuchga kirdi.
Qonunni Qonunchilik palatasi 30-sentabrda qabul qilgan, Senat esa 2-oktabrda ma’qullagan. Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan.
Jinoyat kodeksidagi o‘zgarishlar
- 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan zo‘rlash (118-modda, 4-qism) va zo‘ravonlik bilan g‘ayritabiiy jinsiy ehtiyojni qondirish (119-modda, 4-qism) uchun jazo 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq bo‘ldi. Ilgari eng yuqori muddat 20 yil edi.
- Bunday jinoyatlar uchun sudlar iqror bo‘lish, chin dildan pushaymon bo‘lish, jinoyatni fosh etishga ko‘maklashish yoki zararni ixtiyoriy qoplashni jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga ola olmaydi (57¹-modda).
- 18 yoshga to‘lmaganlarga nisbatan zo‘rlash va g‘ayritabiiy jinsiy harakatlar uchun javobgarlikka tortishga da’vo muddati qo‘llanilmaydi. Hukm ijrosi muddati o‘tgani sababli ham jazodan ozod qilib bo‘lmaydi.
- Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm va muddatidan oldin shartli ozod qilish taqiqlandi.
- Ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan jazo muddatini eng yuqori chegaraning uchdan ikki qismi bilan cheklash qoidasi bunday jinoyatlarga tatbiq etilmaydi.
- 16 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan zo‘ravonliksiz, guruh bo‘lib sodir etilgan buzuq harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi (129-modda).
Ma’muriy javobgarlik
Jinsiy tazyiq uchun jarima birinchi marta sodir etilganda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10–15 baravari yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoq bo‘ldi. Avval u 2–5 BHM yoki 5 sutkagacha qamoqni tashkil etgan. Bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima 15–20 BHM yoki 15 sutkagacha qamoq bo‘ladi (ilgari 5–7 BHM).
Qonun zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlarni protsessual himoya qilish choralarini ham kengaytiradi.
Prezident Administratsiyasi rahbari izohi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qonun imzolanishi munosabati bilan, bolaga zo‘ravonlik qilgan har qanday shaxs, u ta’lim xodimi bo‘ladimi yoki yaqin qarindoshimi, javobgarlikka tortilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va qadr-qimmatiga ziyon yetkazganlar qat’iy jazodan qutulib qola olmasligini bilishi kerak.
