O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan uyushtirilgan, odamlarning halok bo‘lishi va tinch aholining yaralanishiga olib kelgan hujumni qat’iy qoraladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan uyushtirilgan, begunoh insonlarning fojiali halok bo‘lishi va tinch aholining yaralanishiga olib kelgan qonli hujumdan chuqur larzaga tushdi va uni qat’iy qoralaydi», — deyiladi TIV bayonotida.
Tashqi siyosat idorasi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlarga esa dalda izhor etib, yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
TIV Saudiya Arabistonining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Vazirlik tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi ekanini ta’kidlab, bunday hujumlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerakligini qayd etdi.
Vazirlik barcha tomonlarni vazminlikka rioya qilishga, keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda kelishmovchiliklarni xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqirdi.
«O‘zbekiston Respublikasi qardosh Saudiya Arabistoni xalqi va hukumati bilan samimiy birdamligini bildiradi hamda mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi», — deyiladi bayonotda.
Xabar qilinishicha, so‘nggi kunlarda Ar-Riyod xalqaro aeroporti bir necha bor hujumlarga uchragan.
Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kungi hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan. Hujum yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan ikkita terminalga kelib tushgan va u yerda yong‘in yuzaga kelgan.
Rasmiylar taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shanba kuni Ar-Riyod aeroportiga uyushtirilgan hujum oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, 309 kishi yaralangan.
