O‘zbekistonda Yandex Go faoliyatida uzilishlar kuzatildi

11.10.2026, 19:34 · 57 marta o‘qilgan
Surat: Yandex Go

O‘zbekistonda Yandex Go taksi chaqirish xizmatida 11-oktabr kuni ertalab texnik nosozliklar kuzatildi. Foydalanuvchilar taksi buyurtma qilish, narxlarni ko‘rish va avtobuslar harakatini kuzatishda muammolarga duch keldi. Uzilishlar Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandex ma’lumotlar markazi faoliyati to‘xtatilganidan keyin yuz berdi.

Detector404 monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Yandex Go tarmog‘idagi nosozliklar taxminan soat 6:00 da boshlangan va 7:00 ga kelib 100 foizga yetgan. Muammolar tushgacha davom etgan. Foydalanuvchilarning shikoyatlari ertalab ko‘payib, soat 9:00 atrofida eng yuqori darajaga yetgan, shundan so‘ng kamayishni boshlagan.

Foydalanuvchilar ilovaning uzoq vaqt yuklanishi, manzil kiritishdagi xatolar, avtomobillar mavjud emasligi, GPS va navigatsiya bilan bog‘liq nosozliklar haqida xabar bergan. Muammolar haydovchilar va kuryerlarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Ayrim haydovchilar «Yandex Pro» ilovasini ochishda qiyinchiliklarga duch kelgan.

Yandex Uzbekistan matbuot xizmati «Gazeta.uz» nashriga ayrim xizmatlar xatolar bilan ishlashi yoki vaqtincha foydalanish uchun mavjud bo‘lmasligi mumkinligini bildirgan. Kompaniya jamoalari xizmatlar faoliyatini tiklash ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.

Kompaniya tushuntirishicha, Yandex kabi murakkab texnologik xizmatlar turli mamlakatlardagi serverlardan foydalanadigan taqsimlangan hisoblash infratuzilmasiga tayanadi. Shu sababli bir mamlakatdagi infratuzilma tarkibiy qismlaridan birida yuzaga kelgan nosozlik boshqa mamlakatlarda ayrim funksiyalarning ishlashiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bunday holatlarda yuklama boshqa serverlarga o‘tkazilib, xizmatlar faoliyatini tiklash va takroriy uzilishlar ehtimolini kamaytirish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, «Yandex. Maps» va «Yandex Navigator» xizmatlari O‘zbekistonda odatiy rejimda ishlayotgani qayd etilgan.

Yandex Cloud Alerts xabariga ko‘ra, Vladimir shahridagi ma’lumotlar markazi infratuzilmasi uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida shikastlangan va uning faoliyati to‘liq to‘xtatilgan. Kompaniya platformaning favqulodda ish rejimiga o‘tkazilganini, texnik yordam bilan aloqa kanallarida beqarorlik kuzatilishi mumkinligini bildirgan.

Bu so‘nggi bir necha kun ichida uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari ortidan Yandex ma’lumotlar markazlarida yuz bergan uchinchi shunday holatdir. RBC ma’lumotlariga ko‘ra, 8-oktabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma’lumotlar markazi faoliyati to‘xtagan. 9-oktabr kuni esa Kaluga viloyatidagi obyektga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujum qilingan. Ushbu hodisalardan keyin kompaniya o‘z xizmatlarida uzilishlar yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Yandex Go faoliyatidagi muammolar qo‘shni Qozog‘istonda ham kuzatilgan. O‘zbekistonda esa avvalroq, Ryazan viloyatidagi ma’lumotlar markaziga hujumdan keyin Uzum Market faoliyatida ham uzilishlar yuz bergan edi. Platforma faoliyati ikki kunlik uzilishlardan so‘ng, 10-oktabr kuni ertalab to‘liq tiklangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling