Fransiyada o‘rta maktab o‘quvchilarining umummilliy noroziliklari ketma-ket beshinchi kuniga o‘tdi. BMT inson huquqlari idorasi vakili Shabiya Mantu 9-oktabr kuni namoyishlarni «xavotir bilan» kuzatayotganini, ayrim blokadalar zo‘ravonlikka aylanganini bildirdi. Euronews xabariga ko‘ra, Ta’lim vazirligi jumada 3 700 litseyning 141 tasi yopiq ekanini ma’lum qildi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sentyabr o‘rtasidan beri 7 mingga yaqin kishi politsiya hibsiga olingan, ularning 86 foizi voyaga yetmaganlar. 15–18 yoshli o‘quvchilar o‘qituvchilar yetishmasligi, haddan ziyod gavjum dars jadvallari, maktab binolarining yomonlashuvi va issiqqa moslashmagan sharoitlarga qarshi chiqmoqda. Namoyishlar asosan tinch o‘tgan, ammo ba’zilar olov yoqqan va avtobus bekatlarini buzgan. Politsiya ko‘z yoshartuvchi gaz va tayoqlardan foydalangan, huquq himoyachilari ortiqcha kuch ishlatilganini aytgan; 18 ta ichki tekshiruv ochilgan.
Ta’lim vaziri Eduar Jefreyning aytishicha, kelgusi kunlarda eng ko‘p zarar ko‘rgan 114 litseyga taxminan 3 000 almashtiruvchi o‘qituvchi yuboriladi. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu oktyabr oxirigacha reja taqdim etishga va’da berdi. Talabalar kasaba uyushmasi vakili Mariy Menil taklif etilgan choralarni «bir necha ushoq» deb atadi va seshanbaga yangi namoyish chaqirdi.
