Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentyabrdagi 526-sonli qarori bilan kasb-hunar ta’limiga oid to‘rtta hujjat tasdiqlandi. Ular kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi nizom, ta’lim tashkilotlariga qabul tartibi, pedagog kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi va talabalar bilimini baholash tartibidan iborat.
Yangi qoidalar mamlakatdagi barcha kasb-hunar ta’limi tashkilotlariga tatbiq etiladi. Ta’lim iqtisodiy rivojlanish istiqbollari, milliy ustuvorliklar, zamonaviy texnik va texnologik yo‘nalishlar hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarga talab asosida rejalashtiriladi, o‘quv jarayoni ish beruvchilar takliflari va hayot davomida ta’lim olish tamoyiliga tayanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan o‘quv dasturlari va qo‘shimcha yordam nazarda tutilgan.
