Ispaniya CSIC, Manchester universiteti, ICN2 hamda Germaniyaning Multi Channel Systems kompaniyasi tadqiqotchilaridan iborat xalqaro jamoa grafenga asoslangan texnologiyani «Brain» jurnalida e’lon qildi. Euronews xabariga ko‘ra, bu usul insultdan keyin miya faolligini kuzatadi va keyingi shikastlanish xavfi eng yuqori hududlarni aniqlaydi. Ish sichqonlarda sinab ko‘rilgan.
Ishemik insultda qon oqimi to‘silib, miyaning bir qismi qon bilan ta’minlanmay qoladi, shikastlanish esa «tarqaluvchi kortikal depolarizatsiya» orqali kengayishi mumkin. Odatiy texnologiyalar bu juda sekin elektr o‘zgarishlarni qayd eta olmaydi. Grafen sensorlari to‘qimani uch guruhga ajratdi: nisbatan sog‘lom, xavf ostidagi va allaqachon og‘ir shikastlangan. Elektr signallar qon oqimi reaksiyasini ham bashorat qildi: sog‘lom hududlarda qon oqimi ortdi, zaif hududlarda esa yana kamayib, jarohatni kuchaytirdi.
Ketaminning past dozasi zararli elektr to‘lqinlarni qisqartirgan, qon oqimini yaxshilagan va hayvon modellarida miya shikastlanishini kamaytirgan; odamlarda bu ta’siri isbotlanmagan. Texnologiya hozircha klinikadan oldingi bosqichda. Tadqiqotchilar kelajakda insult paytida miya to‘qimasini real vaqtda kuzatish va eng xavfli bemorlarni aniqlashga umid qilmoqda.
